Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi hamda Senatning byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasi hamkorligida barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida "ayollar va erkaklar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda bandlikni ta'minlashning dolzarb masalalari" mavzusida davra suhbati o'tkazildi.
Quyi palata deputatlari, Senat a'zolari, vazirlik va idoralar mas'ullari, xalqaro tashkilotlar hamda siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etgan tadbirda yalpi ichki mahsulot hajmining aholi jon boshiga o'sishini ta'minlash, iqtisodiyotda samaradorlikning o'sishiga erishish, yoshlar, ayniqsa nogironlarni munosib ish bilan ta'minlash va samarali bandlikni kengaytirish, iste'mol va ishlab chiqarishning oqilona modellaridan foydalanish, teng qiymatli mehnat uchun teng ish haqi to'lanishini ta'minlash va boshqa shu kabi masalalar muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, barqaror rivojlanish maqsadlari inson hayoti, yashash tarzi va turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. Mamlakatimizda barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsad va vazifalarga erishish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitusiyamizga barqaror rivojlanish maqsadlariga oid normalar kiritilib, barqaror rivojlanish tamoyili ilk bora asosiy qonunimizda aks ettirildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqimizni rozi qilish, odamlarning muammolarini tinglash va ularga o'z vaqtida echim topish, inson qadrini ulug'lashga qaratilgan. Jumladan, Prezidentimiz rahbarligida aholi bandligini ta'minlash, fuqarolarning mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, keng imkoniyatlar bugun o'z natijasini bermoqda.
Ayni chog'da respublikamizda 19,5 million nafardan ortiq mehnat resurslari istiqomat qiladi. Shundan, ish bilan band aholi 13,8 mln, iqtisodiy nofaol aholi 4,3 mln, ishsizlar 1,3 mln kishini, ishsizlik darajasi esa 8,6 foizni tashkil etadi. 2023 yilda esa 813 ming ta'lim muassasalari bitiruvchilari, 241 ming mehnat migrasiyasidan qaytgan migrantlar, 21,4 ming muddatli harbiy xizmatdan ozod etilganlar, 13,4 ming ishini yo'qotgan shaxslar mehnat bozoriga kirib kelishi kutilmoqda.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida respublika bo'yicha jami 5 199 ming aholi bandligi ta'minlangan. Xususan, doimiy ish o'rinlariga 2 053 ming, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarga 2 422 ming hamda legallashtirish hisobiga 724 ming nafar fuqaro joylashtirilgan.
Shuningdek, kambag'allikni qisqartirish va bandlikka ko'maklashish bo'limlari tomonidan joriy yilning 9 oyida 561 ming nafar fuqarolarga bandlik xizmatlari ko'rsatildi. Ulardan 294,7 ming nafar ishsiz fuqarolar korxona va tashkilotlardagi mavjud bo'sh ish o'rinlariga ishga joylashishiga ko'maklashildi. Shundan 166,7 nafari ayollarni, 100,1 ming nafari yoshlarni tashkil etadi.
Shu yilning yanvar-sentyabr oylarida 8,6 mingta korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan 37,7 mingta buyurtmalarga asosan 94,8 ming nafar band bo'lmagan aholi haq to'lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. Qolaversa, 2023 yilda "ayollar daftari"ga kiritilgan 425,8 ming nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta'minlash belgilangan bo'lib, hozirgi kunga qadar ularning 409 ming nafarining bandligiga ko'maklashildi.
Bugungi kunda respublika bo'yicha 1 200 mingta kambag'al oilalar ro'yxati shakllantirilib, "onlayn mahalla" elektron platformasiga kiritilgan. Yil yakuniga qadar respublikamizda 127 500 ta oila kambag'allikdan chiqarilib, kambag'allik darajasini 12 foizga tushirish choralari ko'rilmoqda.
Savol-javoblarga boy bo'lgan tadbirda deputatlar har bir vazirlik va idoralarning 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar bajarilishiga alohida e'tibor qaratish zarurligi, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan aniq va qat'iy choralar ko'rish bo'yicha takliflar berishdi.
Qizg'in baxs-munozaralar asosida o'tgan tadbirda ishtirokchilar mamlakatimizda aholi bandligini ta'minlash va yangi ish o'rinlarini tashkil etishga qaratilgan ko'plab dasturlar bajarilayotganini alohida qayd etdilar.
Xususan, Qonunchilik palatasi deputat Nodir Tilavoldiev so'nggi yillarda davlatimiz rahbarining qat'iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh etilib, aholi bandligini ta'minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilganini ta'kidladi.
—Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish o'rinlarini ko'paytirish va kambag'allikni qisqartirishdir, — deydi deputat N.Tilavoldiev. — Shu bois, yurtimizda bandlik dasturlari doirasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Chunki odamlar ishli bo'lsa, aholi jon boshiga daromad ko'paysa, hayotda katta maqsadlar bilan yashaydi, oilasida tinchlik, ishida unum bo'ladi. Oxirgi etti yilda aholining, eng avvalo, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash, xotin-qizlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan salmoqli ishlar qilindi. Yangi O'zbekistondagi islohotlar natijasini esa har bir yurtdoshimiz o'z hayotida his qilib turibdi.
Tadbirda muhokama etilgan masala yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar belgilab olindi.