Xabar berganimizdek, respublikada BRM oyligi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur oylik doirasida esa barcha joylarda manfaatdor idora va tashkilotlar, xorijiy ekspertlar ishtirokida tadbirlar, konferensiyalar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Barqaror rivojlanish maqsadlari va yoshlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti, Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi vakillari, Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari hamda respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalaridan iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad talabalarga Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) tamoyillari va g‘oyalari hamda ularga erishish mexanizmlari haqida ma’lumot berishdan iborat. Davra suhbatida ishtirokchilarga BRMning 17 ta maqsadi konsepsiyasi va ularni amalga oshirish yo‘llari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, yoshlarning o‘zlari BRMlarni amalga oshirishda xabardorlikni oshirish, ma’lumotlarni to‘plash va ulardan foydalanish, mahalliy va milliy miqyosda tashabbus ko‘rsatish, monitoring va erishilgan ishlar bo‘yicha hisobot berish orqali ishtirok etmoqda.
Shu bilan birga, talabalar o‘rtasida yoshlarning moliyaviy, huquqiy va ekologik savodxonligini oshirish, volontyorlik, gender tenglik, xayriya, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga huquqiy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, davra suhbati doirasida yoshlarning siyosiy bilimi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, bilimli va iqtidorli yoshlarni aniqlashga qaratilgan “Konstitutsiya bilimdoni” intellektual viktorinasida talabalar onlayn tarzda qatnashdi.
Viktorinada yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan, eng faol yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.