Shu yilning 10-noyabr kuni Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda BMTning O‘zbekistondagi agentliklari bilan hamkorlikda “Inkluziv va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari, milliy ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida BRMning 4-maqsadi doirasida sifatli ta’lim sohasida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2017 yildagi 27,7 foizdan 2022 yilda 70,0 foizgacha, ya’ni 5 211 tadan 27 609 tagacha ko‘payganligi qayd etildi.
Shuningdek, 2017–2021-yillarda oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 199 taga, oliy ta’lim muassasalaridagi qabul kvotasi esa qariyb 4 barobarga oshirilib, 38 foizga yetkazilganligi, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilganligi, 2021-yildan boshlab har yili 3 mingdan ortiq qiz uchun alohida grantlar ajratilayotganligi e’tirof etildi.
Boshlang‘ich maktabga chiqish yilidan bir yil oldin bolalarni maktabga tayyorlash tizimi bilan qamrab olish darajasi 2015–2021-yillarda 3 baravardan ziyod yaxshilandi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari sifatida sifatli va inkluziv ta’limga alohida e’tibor qaratish, hududlarda Internet infrastrukturasini rivojlantirish, yoshlarda kelgusida egallamoqchi bo‘lgan kasblari bo‘yicha aniq maqsadlarni shakllantirishni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, aholi orasida mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini rivojlantirishni targ‘ib qilishni rag‘batlantirish, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha strategiya va konsepsiyalarning (2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi) samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, xorijiy va milliy ekspertlar tomonidan vazifalar hamda takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida inkluziv va adolatli sifatli ta’limni ta’minlashga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.