Joriy yilning noyabr oyida Oliy Majlis palatalari tomonidan Vazirlar Mahkamasi va xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimiz tarixida ilk marotaba Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Ushbu oylikni o‘tkazishdan maqsad – mamlakatimizni barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijro etilishi ustidan parlament nazoratini olib borish, bu borada hukumatga ko‘maklashish, aholining xabardorlik darajasini oshirish, rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, mazkur maqsadlarning “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasi doirasida amalga oshirilishi belgilangan islohotlar bilan hamohangligini taʼminlashdir.
Agar raqamlarga eʼtibor bersak, har bir milliy maqsad bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida 24 ta tadbirlar tashkil etiladi, ularda milliy maqsadlar bilan birga BMTning Yuqori darajadagi siyosiy haftaligi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda muhokama qilingan dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2022-yil 14-dekabrda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyaning hamda milliy maqsadlar doirasida olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan brifing va matbuot anjumanlari tashkil etiladi.
Oylik doirasida Toshkent shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II Global forum ham o‘tkaziladi.
Umuman olganda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi va II Global forumda xorijiy mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari va aʼzolari, yoshlar parlamentlari, davlat organlari, xalqaro hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari (jami 500 nafardan ortiq) anʼanaviy va onlayn tarzda ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan milliy maqsadlar muhokamasiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligining o‘tkazilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi asosida qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyaning, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida ilgari surgan tashabbuslari mazmun-mohiyati dunyo hamjamiyati bilan muhokama qilinadi, targ‘ib etiladi va shu orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imiji yana-da mustahkamlanadi.
Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha Toshkent kommyunikesi qabul qilinadi.
Qolaversa, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari tashabbusi bilan ilgari surilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, BMTga yuborish rejalashtirilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, mazkur tadbirlar va uning doirasida ishlab chiqiladigan hujjatlar mamlakatimizning Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingidagi o‘rnining yana-da yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi va II Global forum ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritiladi.