Bugun, 25 avgust kuni, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbaeva mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Evropa va Markaziy Osiyo bo'yicha taraqqiyotni muvofiqlashtirish byurosining mintaqaviy direktori Gvi Yeop son xonim bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar O'zbekiston va BMT o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari va istiqbollarini muhokama qildilar, rivojlanishning ko'plab sohalaridagi, shu jumladan, 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibining barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirishdagi konstruktiv hamkorlikni yuqori baholadilar.
Muloqot avvalida Senat raisi mehmonni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, yaxshi qo'shnichilik aloqalari, xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash doirasida yaratilayotgan shart-sharoitlar, inson huquqlarini himoya qilish, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, qonunchilikni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar va natijalar bilan yaqindan tanishtirdi.
Xususan, barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etish bo'yicha parlament nazorati mexanizmining ijobiy amaliyoti yo'lga qo'yilgani, 16 ta yo'nalish bo'yicha xalqaro standartlarni inobatga olgan holda milliy Qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazani mustahkamlash, institusional asoslarni rivojlantirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani aytib o'tildi.
O'z navbatida, Gvi Yeop son xonim samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Global kun tartibidagi barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda O'zbekistonning sayi-harakatlarini e'tirof etdi.
Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan muloqotda xavfsizlik, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish, shuningdek, tinchlikni mustahkamlash borasidagi global muammolarni hal etishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.