Xabar berilganidek, 2021-yil 23-24-iyun kunlari dunyo tarixida ilk marotaba Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusida xalqaro forum o‘tkaziladi.
Milliy, xorijiy parlamentlar, xalqaro va parlamentlararo tashkilotlar, Yoshlar parlamentlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda davlat muassasalarining 500 dan ortiq vakillari ishtirok etadigan ushbu Forum doirasida bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Xususan, Oliy Majlis qo‘mitalari va Parlament komissiyasi tomonidan joriy yil 10 iyundan 20 iyungacha Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi o‘tkazilmoqda. Unda bir qator xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning bevosita Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ishlaydigan ekspertlari ishtirok etadilar.
Haftalik doirasida turkum davra suhbatlari o‘tkazilib, ularda O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan har bitta maqsad, ya’ni 16 ta maqsad, shu jumladan, 125 ta vazifa bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, mavjud muammolar muhokama qilinadi.
Qolaversa, ushbu haftalik har bitta maqsad va vazifalar bo‘yicha muhim masalalarni muhokama qilish, mavjud muammolarni tanqidiy ko‘rib chiqish, eng asosiysi, tezkor va istiqbolda hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda muloqot maydoni bo‘ladi.